“Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi” — prezident maslahatchisi


Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tashabbusi bilan ikkita oʻzgarish boʻlishi kutilmoqda. Fundamental tadqiqotlarda byudjetga oʻtish, bundan tashqari, yangi kengash tashkil qilinadi va Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidentining fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Xalqaro press klubda maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, Fan va texnologiya kengashi bu yoʻnalishlarni belgilab beradi. 

“Yoshlar robototexnika, mexatronika, sunʼiy intellekt va boshqa masalalarda ancha ishlashi mumkin. Akademiklarning oʻrta yoshi bugungi kunda 77 ga chiqdi. Shu ustozlarga yoshlar kerak. Ularning ustozlar bilan qiladigan ancha ishi bor”, —  deydi u.

Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi Olim Toʻychiyev Yoshlar akademiyasini tuzish masalasiga toʻxtalib oʻtdi. 

Uning taʼkidlashicha, Fan va texnologiya kengashi bu yoʻnalishlarni belgilab beradi. 

“Respublikamizda 22 mingdan ortiq ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan yosh olimlar mavjud. Ularning olib borayotgan tadqiqotiga toʻxtaladigan boʻlsak, 69ta ilmiy tadqiqotlar ishlari olib borilyapti. Ularning umumiy qiymati 3,5 mlrd. soʻmdan oshiq. 

Yoshlar akademiyasi haqida qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, avvalambor, bu har joyda tarqoq holda olib borilayotgan kichik-kichik ishlanmalarini bir yerga toʻplash, ular uchun haqiqiy zamonaviy platforma yaratish maqsadida tashkil etilmoqda. Va hozirgi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan hamohang ravishda ularni davom ettirgan holda bugungi kunda zamon talabiga javob beradigan yangi tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratadi”, —  deydi u.

Uning soʻzlariga koʻra, bu hozirda real iqtisodiyot sektorining talablari boʻlgan 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika, sunʼiy idrok va shu kabi yangi-yangi sohalarni tadqiq etishga imkoniyat yaratadi.
Olim Toʻychiyev yangi yoshlar tashkilotining tarkibiy tuzilishi haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

“Yoshlar akademiyasi 4ta platformada tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu, avvalambor, yangi zamon olimlarini yaratish uchun moʻljallangan. Birinchi platforma gʻoyalar generatori, ikkinchisi startaplar, biznes bilan shugʻullanadigan yosh olim, innovatsion tadbirkor va shu kabi boʻlajak akademiklar platformamiz mavjud”, — deya taʼkidlagan u .