“Mamlakatimizda “Start-up” loyihalarining zamonaviy ekotizimni shakllantirish: imkoniyat, salohiyat va natija”

“Mamlakatimizda “Start-up” loyihalarining zamonaviy ekotizimni shakllantirish: imkoniyat, salohiyat va natija” mavzusida...

“Mamlakatimizda “Start-up” loyihalarining zamonaviy ekotizimni shakllantirish: imkoniyat, salohiyat va natija” mavzusida oʻtkaziladigan Xalqaro Press-klubning asosiy maqsadi mazkur tizimni takomillashtirish orqali Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan bajarilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarni keng ommaga yetkazish hamda mavjud muammolar boʻyicha taklif mulohazalarni umumlashtirgan holda innovatsion eko tizimni yangi bosqichga koʻtarishdir.
Oʻzbekistonda uzoq vaqtgacha yaxlit innovatsion ekotizim toʻliq shakllanmaganligi sababli innovatsiyalarni rivojlantirish bilan bogʻliq saʼy-harakatlar tarqoq holda boʻlgan. Vaziyat endigina oʻnglanmoqda va qilinishi kerak boʻlgan ishlar hali juda koʻp. 2018-yil 11-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “Innovatsion faoliyatni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bosh vazir imzolagan hujjat negizida mamlakatda startapchilik harakatini rivojlantirish maqsadi ham yotibdi. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida bir qancha yangi inkubatorlar, akselerator hamda texnoparklar, hatto yosh novatorlarga moliyaviy koʻmak koʻrsatadigan jamgʻarma tashkil etilgani dastlabki amaliy qadamlar hisoblanadi. Sanab oʻtilganlar startap ekotizimining muhim tarkibiy qismlaridir. Demak, yirik zanjirning halqalari asta-sekin bir-biriga ulanmoqda.

Oʻtgan yil sentyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi negizida ilmiy akselerator tashkil qilindi. Bu akselerator tabiiy fanlar sohasidagi startaplarni qoʻllab quvvatlashga bagʻishlangan. Umuman hech narsa qilinmayapti, deyolmayman. Masalan, yaqinda ilk natijalari eʼlon qilingan Oʻzbekis-tondagi birinchi ilmiy akselerator — “C.A.T. Science Accelerator” doirasida oʻnlab yoshlar olti oy mobaynida yetuk olimlar, marketolog va tadbirkorlardan startap yaratish texnologiyasini oʻrgandi. Oʻquv mashgʻulotlariga AQSHning Silikon vodiysidan mutaxassislar jalb qilingan. Tadbir finali joriy yilning 7-may kuni Ilgʻor texnologiyalar markazida boʻlib oʻtdi. Akseleratorga 130 ta ariza kelib tushib, ulardan finalgacha 17 ta jamoa qoldi. Mazkur jamoalardan 10 ta eng yaxshi jamoa tanlab olinib “Startap” loyihalar tanlovida ishtirok etishlari uchun tavsiya etildi.

Startap ekotizimining eng quyi bosqichlaridan biri -texnoparklardir. Aynan texnoparklarda startaplar ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi, ular egalariga va shu orqali jamiyatga foyda keltira boshlaydi. Shu oʻrinda vazirlik huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparkining 23 ta rezidentlari tomonidan bugungacha 3,1 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirilib, kimyo texnologiyalari, mashinasozlik qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun yoʻnaltirildi, 430 kishi ish bilan taʼminlandi, eksport hajmi esa 507 ming AQSH dollariga yetdi.
Bunday texnoparklar nafaqat poytaxtimizda, xususan, respublikamizning chekka hududlarida tashkil etilayotgani ahamiyatga molikdir. Xususan, Urganchda yangi tashkil etilgan “Xorazm” texnoparki Xorazm viloyatining ilmiy-texnik va innovatsion imkoniyatlarining oshishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunsda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida startap-ekotizimni rivojlantirish boʻyicha ilk bor konsepsiya ishlab chiqilgan boʻlib u hozir turli idora va tashkilotlar bilan muvofiqlashtirilmoqda.