Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi

Prezidentimizning 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini taʼminlash, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga koʻmaklashish maqsadida har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovda tayanch oliy maʼlumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yillik ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan (45 yosh ham qoʻshilgan holda) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

“Taraqqiyot” respublika tanlovida talabgorlar 16 ta nominatsiya boʻyicha oʻz sohasidan kelib chiqib ishtirok etishi mumkin. Xususan:

  1. Davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  2. Sud-huquq sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  3. Moliya-kredit sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  4. Sanoat sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  6. Qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  7. Arxitektura va qurilish sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  8. Kommunal xoʻjalik sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  9. Soliq va bojxona sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  10. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  11. Taʼlim, fan va innovatsiya sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  12. Sogʻliqni saqlash sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  13. Madaniyat, sanʼat va sport sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  14. Tashqi siyosat, tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  15. Makroiqtisodiyot va hududiy rivojlanish sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
  16. Transport va logistika sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida egallab turgan lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

Tanlov gʻoliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa eng kam ish haqining
25 baravari miqdorida 
bir martalik pul mukofoti toʻlanadi. Tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Tanlov gʻoliblari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Biznes va boshqaruv oliy maktabi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida oʻtkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka oʻtashni oʻz ichiga oladigan “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik kurslarda oʻqiydi.

Tanlov gʻoliblari “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik kurslarni oʻtagandan keyin tegishli yoʻnalishlar boʻyicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun taraqqiyot-tanlov.uz internet portaliga kirib, roʻyxatdan oʻtish zarur. Buning uchun talabgor albatta ONE.ID.UZ portalidan roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi shart.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar 2018 yilning
30 oktyabriga qadar onlayn roʻyxatdan oʻtishi mumkin.

Batafsil maʼlumot taraqqiyot-tanlov.uz portalida joylashgan.