“Bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli”

Joriy yilninng 16 noyabr kuni MTRK Media-markazi binosida Xalqaro Press-klub hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamkorligida “Bolalar va yoshlarning...

PRЕSS-RЕLIZ

“Bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli”

Joriy yilninng 16 noyabr kuni MTRK Media-markazi binosida Xalqaro Press-klub hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamkorligida “Bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli” mavzuidagi Xalqaro ilmiy – amaliy konferensiya yakunlariga bagʻishlangan sessiya boʻlib oʻtdi.

Bugun shiddat oʻzgarib borayotgan zamon, dunyoning ayrim mintaqalarida, yon-atrofimizda boʻlayotgan voqealar, ziddiyat va toʻqnashuvlar davlat hamda jamiyat taraqqiyotida ijtimoiy-maʼnaviy sogʻlom muhit hal qiluvchi ahamiyatga egaligini koʻrsatmoqda. Xususan, aholini, birinchi navbatda, yoshlarni turli yot va buzgʻunchi gʻoyalardan, axborot hamda mafkuraviy xurujlardan asrash, ularni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish, qalbiga vatanparvarlik tuygʻusini chuqur singdirish dolzarb masalaga aylandi.

Shulardan kelib chiqib, Markaz tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2018 yil 4 maydagi “Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash borasidagi “Yoʻl xaritasi” toʻgʻrisidagi Qoʻshma Qarori ijrosi doirasida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda “Bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Anjumandan koʻzlangan pirovard maqsad farzand tarbiyasida oilaning masʼuliyatini oshirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, sogʻlom turmush tarziga amal qilishda bolaning oilada yashash va tarbiya qilish huquqini taʼminlash, barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning oʻrni va rolini oshirish, oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan.

Konferensiya ishtirokchilari yalpi majlisdan keyin seksiyalarga boʻlinib, “Oila va tarbiya”, “Din va oila”, “Oila va jamoatchilik” kabi yoʻnalishlarda ishlarini davom ettirishdi. Anjumanda bir qator mavzularda bahs-munozaralar, fikrlar xilma xilligiga asoslangan chiqishlarga keng oʻrin berildi. Xususan, “Oʻzbekistonda bolalar va oila farovonligining ijtimoiy asoslari”, “Zamonaviy avlod axloqiy tarbiyasining oʻziga xos jihatlari va yuzaga kelayotgan muammolar”, “Globallashuv jarayonida yoshlarning oila va nikohga oid qarashlari”, “Yaponiyada tarbiya va taʼlim masalalarining oʻziga xos xususiyati” kabi mavzular qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

Konferensiya ishida oilalar mustahkamligi hamda yosh avlod taʼlim-tarbiyasida oilaning tutgan oʻrni va roli borasida ilgʻor xorijiy va xalqaro tajribani oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi. Chet ellik mutaxassislar oʻzlari olib borgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, izlanishlar natijalari bilan oʻrtoqlashdilar, oʻzaro tajribalar almashildi. Shulardan kelib chiqib, bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasida bugungi kunda qanday samarali yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish, qanday salbiy oqibatlardan voz kechish boʻyicha bahs-munozaralar yuritilib, fikr-mulohazalar bayon etildi.